Trampning G‘azodagi urushni tugatish rejasi – muhim qadam. Uning yo‘lida qanday to‘siqlar bor?

AQSh prezidenti Donald Tramp G‘azodagi urushni to‘xtatish rejasini e’lon qilarkan, sodir bo‘layotgan voqealarni «Yaqin Sharqda abadiy tinchlik» olib kelishi mumkin bo‘lgan sivilizatsiya tarixidagi eng buyuk kunlardan biri deb atadi.

BBC’​​ning AQSh davlat departamentidagi muxbiri Tom Beytman Trampning Yaqin Sharq uchun tinchlik rejasi yuzasidan mulohazalarini bayon etdi.

Bu Amerika prezidentiga xos mubolag‘a. Ammo uning dushanba kuni Oq uyda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan uchrashuvda bildirgan taklifi, Trampning balandparvoz bayonotlari darajasida amalga oshmasa ham, diplomatik jarayondagi muhim qadamdir.

Reja G‘azoning urushdan keyingi kelajagi bo‘yicha Oq uy pozitsiyasi o‘zgarishini ko‘rsatadi va Netanyahuga Vashington hozirgi kelishuvga rozi bo‘lishi uchun qo‘llashga uringanidan ko‘ra ko‘proq bosim o‘tkazishni nazarda tutadi.

Ushbu reja amalga oshish-oshmasligi doimiy fundamental savolga bog‘liq: Netanyahu ham, Hamas rahbariyati ham urushni davom ettirishdan ko‘ra, uni hozir tugatish foydaliroq deb hisoblaydimi?

Hamasning javobi hozircha aniq emas. Guruh vakillaridan biri bu rejani pessimistik baholagan va BBC bilan suhbatda uning shartlari falastinliklar manfaatlarini himoya qilmasligi hamda Isroilning G‘azodan chiqishi kafolatlanmasa, Hamas hech qanday taklifga rozi bo‘lmasligini aytgan.

Netanyahu AQSh prezidenti bilan uchrashuvda Isroil Tramp rejasining 20 ta bandini qabul qilishini, biroq uning koalitsiyasining ultrao‘ng qismi ularning ba’zilarini allaqachon rad etganini aytdi.

Reja bandlariga rozi bo‘lish – urushni tugatish degani emas. Netanyahuning o‘zi buni rad etayotgan bo‘lsa-da, uning Isroildagi raqiblari bosh vazirda kelishuvlar uning hokimiyatda qolishiga zarar yetkazadigan bo‘lsa, ularni buzish odati borligini aytishmoqda.

Shunday ekan, Trampning taklifi AQSh prezidenti juda qattiq xohlayotgan yutuq uchun yetarli bo‘lishi qiyin. Rejada Isroil va Hamasning siyosiy doiralari uchun hamon to‘siqlar mavjud bo‘lib, ular oxir-oqibat kelishuvga erishishiga yo‘l qo‘ymasligi mumkin.

Bundan tashqari, reja har ikki tomon ham buni qabul qilishi va keyinchalik muzokaralar davomida o‘z raqiblarini muvaffaqiyatsizlikda ayblash orqali bitimni sabotaj qilishi mumkin bo‘lgan interpretatsiya uchun yetarli joy qoldiradi.

Ko‘p oylar davomida biz aynan shunga guvoh bo‘lib kelmoqdamiz. Va agar ssenariy takrorlansa, Tramp ma’muriyati qaysi taraf bo‘lishi aniq – Isroil tomonida.

Tramp Netanyahuni bunga ishontirmoqda. AQSh prezidenti dushanba kuni agar Hamas bu taklifga rozi bo‘lmaydigan bo‘lsa, unda Isroil bosh vaziri «qilinishi kerak bo‘ladigan ishni qilishi uchun to‘liq qo‘llab-quvvatlanishi»ni aytdi.

Tramp o‘z taklifini bitim deb atagan bo‘lsa-da, aslida bu kelgusidagi muzokaralar uchun doiraviy kelishuv yoki uning o‘zi qachondir aytganidek «prinsiplar» to‘plamidir. Bu urushni yakunlash uchun zarur bo‘lgan batafsil reja bo‘lib ko‘rinmayapti.

Bu ko‘proq Trampdan oldingi prezident Jo Bayden 2024 yil may oyida o‘t ochishni bosqichma-bosqich to‘xtatish va urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga erishishga urinib e’lon qilgan hadli kelishuvga o‘xshaydi. O‘shanda sulh tuzish va garovga olinganlarni almashish uchun Isroil va Hamasga sakkiz oy kerak bo‘lgandi.

Tramp keng qamrovli tinchlik kelishuvini xohlaydi. Ammo buning uchun ulkan hajmdagi ishni bajarish kerak bo‘ladi: Isroil qo‘shinlarini olib chiqish liniyalarini belgilash, garovdagilarni ozod qilish detallari hamda buning evaziga qo‘yib yuboriladigan falastinlik mahbuslar ro‘yxatini kelishib olish, urushdan keyingi davlat boshqaruvi shartlarini ishlab chiqish hamda boshqa ko‘plab masalalar.

Bu masalalarning hech biri Trampning rejasida batafsil ko‘rib chiqilmagan va ularning har biri kelishuv buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Doiraviy kelishuv oldingi takliflarning elementlarini ham o‘z ichiga oladi, jumladan, iyul oyida taqdim etilgan Saudiya Arabistoni hamda Fransiya rejasi, shuningdek, Tramp raisligidagi «Tinchlik kengashi» (AQSh prezidenti rejasiga ko‘ra, G‘azoni vaqtincha boshqarib turishi kerak bo‘lgan o‘tish davri organi) tarkibidan o‘rin olishi kutilayotgan Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vazirining oxirgi ishlanmalarini ham.

Hujjat Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff hamda Amerika prezidenti kuyovi Jared Kushner tomonidan, Isroil, Yevropa va arab davlatlari, jumladan, Falastin masalasida vositachilik rolini bajarayotgan Qatar va Misr bilan maslahatlashuvlardan so‘ng ishlab chiqilgan.

Scroll to Top