FARG‘ONADA ADABIYOT BAYRAMI

Farg‘ona shahridagi viloyat teatr-konsert saroyida milliy adabiyotimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan ulug‘ allomalar va jadidlar, shuningdek, zamonaviy o‘zbek adabiyotining taniqli vakillari xotirasiga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Ushbu adabiy-ma’rifiy anjuman doirasida Muqimiy, Mirzo Ho‘qandiy, Ashurali Zohiriy, Charxiy, Sobir Abdulla, shuningdek, O‘zbekiston xalq shoiri Oxunjon Hakimov va Yo‘ldosh Sulaymon, taniqli shoirlar G‘ulom Fatxiddin, Maqsuda Egamberdiyeva, A’zam O‘ktam kabi qalam ahlining hayoti va ijodi munosib tarzda yodga olindi.
Anjumanda adabiyotsevarlar, shoir-yozuvchilar, ijodkorlar, madaniyat arboblari hamda kitobxonlar ishtirok etdi. Muhtasham teatr-konsert binosi bu gal adabiyotning chin muxlislari bilan gavjum bo‘ldi.

Tadbirni viloyat hokimi o‘rinbosari Sherzod Polvonov ochdi. U o‘z so‘zida adabiyot xalq ma’naviyatini yuksaltiruvchi, ona tilimizni rivojlantiruvchi va millatni tarbiyalovchi beqiyos vosita ekanini ta’kidlar ekan, kelgusida ham ustoz va yosh ijodkorlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid va boshqa so‘zga chiqqanlar o‘zbek adabiyotining buyuk namoyandalarini xotirlash va zamonaviy ijodkorlarni ardoqlash yurtimizda adabiyotga bo‘lgan e’tibor hamda ijodkorlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning yorqin namunasi ekanini alohida ta’kidlab o‘tdilar.

Tadbirda Sirojiddin Sayyid Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov nomiga “Adabiyot fidoyisi” statuetkasini ehtirom ramzi sifatida topshirdi. E’tiborli tomoni shundaki, mazkur statuetka respublika miqyosida ilk marotaba taqdim etildi va u aynan Farg‘ona viloyati rahbariga nasib etdi.
Shuningdek, farg‘onalik bir guruh ijodkorlarga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga a’zolik guvohnomalari tantanali ravishda topshirildi.
Bayram tadbiri davomida marhum ustoz ijodkorlarning oila a’zolariga esdalik sovg‘alari ham berildi.

Ushbu anjuman milliy adabiyotimizning boy merosi, ulug‘ allomalarning fidokorona xizmati va zamonaviy ijodkorlarning mehnati munosib qadrlanayotganidan dalolat beradi. Bunday tadbirlar yosh avlodni ma’naviy boylikka oshno etish, adabiyotga muhabbat uyg‘otishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Alisher SHOKIROV,
“Yangi Farg‘ona” muxbiri
Muslimbek TO‘LANOV olgan suratlar.

Leave a Comment

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Scroll to Top