To‘yxona va restoranlarda oilaviy tadbirlarni ochiq havoda o‘tkazish imkoni bo‘lmasa, u holda ishtirokchilar soni 50 kishidan oshmasligi kerak. Bu talab avval belgilanganidek 1 avgustdan emas, 20 iyuldan kuchga kiradigan bo‘ldi.
20 iyuldan kafe va restoranlar uchun karantin kuchaytirilishi barobarida, xuddi shu sanadan to‘yxonalar faoliyatiga ham yangi cheklov joriy etilmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, 20 iyuldan agar to‘yxonalar (restoranlar)da oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni ochiq havoda o‘tkazish imkoni bo‘lmagan taqdirda, ularni 50 kishidan ko‘p bo‘lmagan mehmonlar ishtirokidagina o‘tkazishga ruxsat beriladi.
Bunda sanitariya va gigiyena talablariga qat’iy rioya etish talab etiladi. Ruxsat etilgan 50 kishi – yaqin qarindoshlar va shu tuman hududida istiqomat qiluvchi boshqa qarindoshlardan iborat bo‘lishi lozim.
Eslatib o‘tamiz, Maxsus komissiyaning avvalgi qaroriga ko‘ra, to‘y va boshqa marosimlar uchun 50 kishigacha bo‘lgan cheklov 1 avgustdan kuchga kirishi belgilangan edi.