O‘zbekiston “Tolibon” harakati bilan yaqin aloqada bo‘lib turibdi — TIV bayonot bilan chiqdi

838

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Afg‘onistondagi keskin vaziyat yuzasidan navbatdagi bayonotini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishini diqqat bilan kuzatib bormoqda.

“Ichki afg‘on kuchlarining inklyuziv hukumat shakllantirishga tayyorligi haqidagi bayonotlarini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Dohadagi afg‘onlararo muzokaralar doirasida keng ko‘lamli tinchlikka erishilishiga umid bildiramiz.

Umid qilamizki, mamlakatda hokimiyat tranziti xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yorlarini inobatga olgan holda umumiy konsensus asosida tinch yo‘l bilan amalga oshiriladi.

Ishonchimiz komil, vaziyatning bu yo‘nalishda rivojlanishi milliy kelishuvga erishishga olib keladi hamda kuchli va layoqatli davlatni shakllantirish uchun sharoit yaratadi.

O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston bilan an’anaviy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini qo‘llab-quvvatlashga va qo‘shni davlatning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillariga sodiqligini qat’iy bildiradi”, deyiladi bayonotda.

Ta’kidlanishicha, hozirgi vaqtda O‘zbekistonning Qobul va Mozori Sharifdagi diplomatik vakolatxonalari odatdagi tartibda ishlamoqda.

TIV O‘zbekiston tomoni chegara himoyasini ta’minlash va chegara hududida tinchlikni saqlash masalalari bo‘yicha “Tolibon” harakati vakillari bilan yaqin aloqada bo‘lib turganini ma’lum qildi.

“Shuni qat’iy ma’lum qilamizki, O‘zbekiston davlat chegarasini buzishga bo‘lgan har qanday urinishlar milliy qonunchilikka muvofiq keskin ravishda bartaraf etiladi”, deyiladi TIV xabarida.

Avvalroq, TIV bayonot bilan chiqib, O‘zbekistonga 84 nafar afg‘on harbiysi o‘tganini ma’lum qilgandi. Keyinroq O‘zbekiston hukumati ularni ortga qaytarish bo‘yicha Afg‘oniston hukumati va “Tolibon” harakati bilan muzokaralar olib borilayotgani bildirildi.

Qayd etish kerakki, Afg‘oniston Islom Respublikasi endi yo‘q. Kecha, 15 avgust kuni hokimiyat “Tolibon” harakati nazoratiga o‘tdi. Ular esa bir vaqtlar mavjud bo‘lgan Afg‘oniston Islom Amirligini qayta tuzmoqchi. Prezident Ashraf G‘ani iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Boshqaruvsiz qolgan Afg‘oniston harbiylari mamlakatdan qochishga harakat qilmoqda.