“Mahalla yettiligi” Yoshlar ko’proq kimga suyanmoqda?

142

Mahallabay ishlash tizimini yanada kuchaytirish, yoshlar muammolarini mahallaning o‘zida hal etish maqsadida Prezident topshirig‘i bilan har bir mahallada “mahalla yettiligi” – mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori, soliqchi va ijtimoiy xodim joriy etildi.

“Mahalla yettiligi”ning tashkil etilishi natijasida ehtiyojmand aholini ro‘yxatga kiritish, moddiy yordam, subsidiya va kredit ajratish kabi 70 dan ortiq masalalar, tuman va viloyat idoralariga chiqmasdan, mahallaning o‘zida jamoaviy hal qilinadigan bo‘ldi.
Hozirga kelib “mahalla yettiligi” faoliyati qay tartibda ketmoqda, yoshlar asosan kimga suyanmoqda? Buning tahlilini Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani “Obod” mahallasi misolida ko‘rib chiqamiz.

“Obod” mahallasi Farg‘ona tumanining eng chekka, chegaradosh hududi hisoblanadi. Mahallada 1113 nafar yosh bor. – Mahallam aholisining 1/3 qismini yoshlar tashkil etadi, – deydi “Obod” mahallasi yoshlar yetakchisi Islomjon Muhammadjonov. – Prezidentimiz tashabbusi bilan “mahalla yettiligi”ning yo‘lga qo‘yilishi yoshlar bilan ish samaradorligimizni oshirishga xizmat qilmoqda. Murojaat bilan kelgan yoshning muammosini hal etish bo‘yicha “Yoshlar daftari ombori”ga kiritaman, yo‘nalishiga qarab yettilik xodimlariga yo‘naltiraman. Yettilik xodimlari esa murojaat qilgan yoshni nazoratga olib, uning muammosiga yechib berishadi. Biz yoshlar yetakchilari yoshlar va mahalla yettiligi o‘rtasida vositachimiz, go‘yo. Kimlardir muammolarini aytishga uyaladi, boshqalar esa mavjud muammolarni ham yashirib yuradi. Shunday paytlarda ularning gaplarini olish bizning zimmamizga tushadi.
“Obod” mahallasi hududida bandlik darajasini oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida hokim yordamchisi tomonidan oʻtkazilgan dastlabki xatlov natijasiga koʻra, mahallada 176 nafar ishsiz fuqaro aniqlangan. Shunga koʻra hokim yordamchisi ishni ishsizlikni bartaraf etish, daromadsiz oilalarning daromad manbaini yaratishdan boshladi.

– Mahalladagi 526 ta xonadonga kirib, ularning sharoiti va bandligini oʻrganib chiqdik, – deydi “Obod” mahallasi hokim yordamchisi Akramjon Asqarov. – 72 nafar fuqaroga yer berildi, 112 nafariga oʻzini oʻzi band qilish maqsadida imtiyozli kreditlar ajratildi. Boquvchisini yoʻqotgan, kam taʼminlangan 11 nafar ayolga tikuv mashinalari olib berildi. Hozirda mahallamiz ishsizlikdan holi hududga aylandi. Mahallamizda malinachilik, issiqxonachilik, tovuqchilik va asalarichilik keng yoʻlga qoʻyilgan, koʻplab tadbirkorlik subyektlari ish boshlagan. Bu oilalarga qoʻshimcha daromad kiritmoqda.

“Ayollar daftari”ni yuritish orqali xotin-qizlar muammolari tizimli hal etilmoqda. Daftardagi xotin-qizlarga doimiy ravishda tibbiy, huquqiy hamda psixologik yordamlar koʻrsatib kelinmoqda. – “Obod” mahallasidagi 30 va undan katta yoshdagi xotin-qizlarning muammolari oʻrganilishi natijasida “Ayollar daftari” tizimining 5-bosqichiga 6 ta toifa boʻyicha yil boshidan 76 nafar ehtiyojmand xotin-qiz kiritilgan, – deydi “Obod” mahallasi xotin qizlar faoli Xursanoy Xomidova.

– Ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz ayollar toifasiga 71 nafar xotin-qiz kiritilgan boʻlib, joriy yil mobaynida ularning barchasining ish bilan bandligini ta’minlash rejalashtirilgan. Tadbirkorlik qilish istagida boʻlgan ehtiyojmand xotin-qizlar toifasi boʻyicha 3 nafari roʻyxatga olinib, shundan 2 nafariga kredit asosida tadbirkorlik faoliyatlarini boshlashlarida amaliy yordamlar berildi. Hozirgi kunga qadar “Ayollar daftari” roʻyxatining 5-bosqichiga kiritilgan 74 nafar xotin-qizlardan jami 16 nafariga toifasiga asosan amaliy yordamlar berildi.

Jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash, xususan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash hamda oldini olishda profilaktika inspektorlarining ma’suliyati katta. Soʻnggi yillarda qabul qilingan qonun hujjatlarida mavjud huquqbuzarliklar bilan kurashish barobarida oilaviy nizolarni hal qilishda ham profilaktika inspektorining oʻrni va masʼuliyati belgilab berildi.

– Hududdagi oilalar holatini oʻrganish, notinch oilalarni aniqlash, ular bilan profilaktik ishlar olib borish bizning asosiy vazifalarimizdan biri boʻlib turibdi, – deydi “Obod” mahallasi profilaktika inspektori Nizomiddin Valiyev. – Voyaga yetmagan farzandlar nazoratsiz qolishi natijasida turli ijtimoiy guruhlarga qaram boʻlib qolmoqda. Shuning uchun profilaktika inspektorining faoliyati kengayib, asosiy eʼtibor notinch oilalar, yaʼni oilaviy nizolarni aniqlash va huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilmoqda. Mahallamiz jinoyatchilikdan holi hudud hisoblanadi. Jinoyatga moyilligi bor yoshlar bilan ishlarni reja asosida tashkil etganmiz. “Mahalla yettiligi” bilan birgalikda reydlar o‘tkazamiz.

Mahalladagi og‘ir ahvolga tushib qolgan va shu holatga tushish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar va oilalarga bevosita mahalla darajasida kompleks yondashuv asosida professional ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, ularga individual tartibda ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish rejalarini tashkil etish kabi vazifalar ijtimoiy xodim zimmasiga yuklatilgan.

– Hozirga qadar bir qator ishlarni amalga oshirishga erishdik, – deya fikrlarini bildirdi “Obod” mahallasidagi ijtimoiy xodim Farida Mamataliyeva. – Jumladan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan 1 nafar yolg‘iz yashovchi hamda keksa va nogironligi bo‘lgan shaxs aniqlanib, “Yolg‘iz keksa” reyestriga kiritildi va ularga ijtimoiy assistentlar xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Tuman tibbiyot birlashmasi bilan hamkorlikda yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘liq chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Bir necha yil xalq bilan birga ishlab kelayotgan davlat xizmatchisi sifatida aytishim mumkinki, yangi tizim haqiqiy muhtoj insonlarga davlat tomonidan ijtimoiy yordam ko‘rsatish, ularni qo‘llab-quvatlashning samarali usuliga aylanmoqda.

“Obod” mahallasidagi tadbirkorlarning muammolari qisqa vaqtda mahallaning o‘zida hal etilmoqda. Xususan, mahalla hududida joylashgan faoliyat boshlaganiga 1 yil bo‘lgan “Rivoj-98” mehmonxonasi egasi Abulqosim Raxmonovda soliqdan muammo kelib chiqdi. Muammo yuzasidan mahalla soliq inspektori Bobomurod Abdurahmonovga murojaat qildi. Xodim vaziyatni o‘rganib, yuzaga kelgan muammoni ijobiy hal bo‘lishiga yordam berdi.

Ko‘rinib turibdiki, “yettilik” xodimlari birgalikda, “bir yoqadan bosh chiqarib” ishlamoqda. Mahalla raisi A’zamxo‘ja Karimxo‘jayev barcha xodimlarini birlashtira olgan. Yoshlarning asosiy suyanchi esa mahalla bo‘lyapti. Birlashish bor joyda yuksalish bo‘ladi. Buning samarasini esa “Obod” mahallasini viloyatning eng ilg‘or mahallalari qatorida turganidan ko‘rish mumkin.

Muhammadshukur MUHAMMADJONOV,
“Yoshlar ovozi” muxbiri