To‘raqo‘rg‘onda 5 mingdan ortiq kitobga ega bo‘lgan “Iste’molchilar uyi” tashkil etildi

273

Zamonaviy uslubda qurilgan va innovatsion yechimga ega bo‘lgan ma’muriy kompleksining tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda tashkil etilgan “Iste’molchi kutubxonasi” fondidan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va iste’molchilik sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi me’yoriy hujjatlar, siyosiy-iqtisodiy qo‘llanmalar, ma’rifiy, badiiy, ilmiy ommabop kitoblar, respublikada nashr qilinadigan qiziqarli va ijtimoiy-siyosiy gazeta-jurnallar o‘rin olgan.

Bu yerda kitobxonlarga 16 turdagi yuridik adabiyotlar turkumi ham taqdim etiladi, shuningdek, ilk bora 100 ming donadan iborat elektron kitoblar bazasi ham shakllantiriladi, o‘quvchi pandemiya sharoitida uyidan turib, kitoblarni buyurtma qilish va arzon narxda elektron kitoblarni xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shu bilan birga, kutubxonada zamonaviy “Book cafe” va bepul Wifi tizimi hamda internet orqali zarur adabiyotlarni topish va xarid qilish imkonini beruvchi “eReader” elektron o‘quv qurilmasi ham o‘rnatilgan.

Qolaversa, majmuadan 5 muhim tashabbus doirasida xotin-qizlarni bepul chevarlikka o‘rgatish markazi, maktabni tugatib, ishsiz yurgan yosh yigitlar uchun esa hunarmandchilik bo‘limi ham o‘rin olgan.

Bundan tashqari, hozirda yoshlar katta qiziqish bildirayotgan milliy cholg‘u asboblarini yasash va o‘rgatish bo‘limi ham ish boshlayapti.

Ushbu bo‘lim shahardagi barcha maktablarning musiqa fani o‘qituvchilari bilan bevosita hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, darsni amaliyot shaklida haftaning muayyan soatida bu yerda o‘tishlari mumkin bo‘ladi.

Yana “Iste’molchilar uyi” ma’muriy kompleksidan joy olgan “Iste’molchi qabulxonasi”da esa iste’molchilarning ariza va murojaatlari qabul qilinadi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan insonlar orasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish maqsadida tashkil etilgan “Iste’molchilar uyi” hamda “Iste’molchi kutubxonasi” loyihasi doirasida shu kunga qadar – Oltiariq, Qiziltepa, Rishton, Sariosiyo, Uzun, Bog‘dod, Farg‘ona, Koson, Olot, Dehqonobod tumanlarida hamda Farg‘ona va Marg‘ilon shaharlarida jami 12 ta mana shunday barcha qulayliklarga ega bo‘lgan, ko‘rkam va shinam majmua bunyod etilgan.