Barcha ichki ishlar xodimlari ish haqi 30 foizga, jamoat xavfsizligini ta’minlashga bevosita jalb etilgan xodimlar ish haqi esa 60 foizga oshiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

«Ichki ishlar xodimlari tun-u kun, har qanday sharoitda el xizmatida. Bu pandemiya sharoitida, Buxoro va Sardobadagi og‘ir kunlarda yaqqol ko‘rindi. Boshqa payt ham xavf-xatar doim ularning yonida.

Ish haqini belgilashda buni inobatga olish zarur. Shuning uchun, joriy yilda barcha ichki ishlar xodimlari ish haqi 30 foizga, jamoat xavfsizligini ta’minlashga bevosita jalb etilgan, sodda qilib aytganda, mahallada xizmat o‘tovchi xodimlar ish haqi esa 60 foizga oshiriladi», degan prezident.

Yig‘ilish davomida ichki ishlar idoralarining barcha bo‘g‘inida qog‘ozbozlik va byurokratiyani keskin kamaytirib, ish yuritishni raqamlashtirish vazifasi qo‘yildi. Shu maqsadda Ichki ishlar vazirligida axborot texnologiyalari bo‘yicha alohida vazir o‘rinbosari lavozimi joriy etilgani ma’lum qilindi (bu lavozimga Najmiddin To‘raxo‘jayev tayinlangan).

Soha uchun professional kadrlar tayyorlashni yangi bosqichga ko‘tarish, profilaktika inspektorlari va tergovchilarning bilimini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan ichki ishlar vaziri, huquq-tartibot idoralarining hududiy boshqarmalari rahbarlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi va viloyat hokimlari axborot bergan.