Yetti iqlimga eksportga talash bo‘layotgan Oltiariq uzumlari!

515

Viloyatimizning Oltiariq tumani o‘z uzumchilik maktabini yaratgan hudud sifatida bugun Respublikamizda juda mashhur. Viloyatdagi 7834 gektar uzum bog‘laridan 1498 gektari aynan Oltiariq tumanida joylashgan. 2021 yilda viloyatda kutilayotgan 153 880 tonna uzum hosilining 43 784 tonna qismi ham Oltiariq tumanida yetishtirilishi rejalashtirilgan. Yana bir e’tiborli jihat kuni kecha Farg‘onada boshlangan uzum eksportida ham oltiariqlik mehnatkashlar tashabbusni qo‘lga olishdi.

Chunki, Oltiariq uzumlariga xorijiy davlatlarda talab katta bo‘lmoqda. Shuning uchun ertapishar uzum turlari pishib yetilishi bilanoq xorijga eksport qilish boshlab yuborildi. Mehnatning rohatini ko‘radigan, uzum sotib valyuta sanaydigan paytlar keldi. Qo‘shni Qirg‘iziston, Qozog‘iston hamda Rossiya, Ukraina, Polsha kabi davlatlarga eksport qilish jarayonlari olib borilmoqda.

Xususan, Murodjon Husanovga tegishli 500 tonna sig‘imga ega sovutgichlarda yig‘ilgan uzumlar yuk avtomobillariga ortilib, eksportga tayyorlanayotganiga guvoh bo‘ldik.

“Bu gal qozog‘istonlik xaridorlarga mahsulotlarni yetkazib bermoqchimiz. Muhimi ko‘plab yurtdoshlarimiz mavsumda ish bilan band”,- dedi ish yurituvchi Muzaffar Musayev.

Zotan, mehnat qilgan, harakat qilgan inson yaxshi hayot kechiradi. Yangiarab qishlog‘ida yashovchi 80 yoshni qoralagan Ibrohim ota Yo‘ldoshev farzand-u nabiralariga mana shunday nasihat qiladi. U ko‘p yillar yoshlarga ta’lim-tarbiya bergan. Bir paytning o‘zida uzum yetishtirish bilan ham shug‘ullangan. Otaxon yaratgan bog‘ ko‘rgan ko‘zni yashnatadi. Havasingizni keltiradi. Yozgi ta’tilni nabiralar mana shu bog‘da o‘tkazishni xush ko‘radilar.

Otaxonning esa har bir so‘zi hikmat. O‘tayotgan kunga shukronalik, ertanggi kunga umid bilan to‘lib toshgan. Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar keksalarimiz orzu-istaklariga hamohang tarzda kechayotgani yanada quvonarli. Ibrohim ota Yo‘ldoshev kabi mehnatkash, fidoyi bog‘bonlar yaratgan “Farg‘ona tajribasi”, Oltiariq uzumchilik maktabi elimiz dasturxoni to‘kin, xalqimiz turmush sharoitlari farovon bo‘lishiga xizmat qilmoqda.