Toshkentga studentlar qaytmoqda. Talabalar shaharchasidan reportaj

531

Pandemiya sabab 8 oydan ko‘proq vaqtga bo‘shab qolgan Talabalar shaharchasiga talabalar qaytmoqda. Oliy ta’lim muassasalarida 16 noyabrdan bosqichma-bosqich tarzda an’anaviy darslar boshlanmoqda. Kun.uz muxbiri talabalar shaharchasidan reportaj tayyorladi.

Ayni paytda an’anaviy darsga qaytgan talabalarning aksari 1-kurs studentlari. Ular kursdoshlari va o‘qituvchilarini yuzma-yuz tanimasdan, taxminan 2 oyni onlayn o‘qish bilan o‘tkazishdi. Shuning uchun «talabalik gashtini his qilish»ga hammadan ko‘proq ular da’vogar.

Uzoq viloyatlardan kelgan ota-onalar esa farzandlarini joylashtirib, ko‘ngillarini tinch qilib uyga qaytish niyatida. Qoraqalpog‘istondan, vodiy, voha viloyatlaridan kelgan ota-onalar bolalari uchun ijaraga joy izlamoqda.

O‘zbekiston Milliy universitetida 16 noyabrdan faqat 1-kurs magistrantlar uchun dars boshlandi.

«Bakalavriat bosqichi 1-kurs talabalariga 23 noyabrdan, 4-kurs talabalariga esa 19 noyabrdan dars boshlanadi. Darslar uchun pandemiya sharoiti inobatga olingan holda katta-katta auditoriyalar tanlab olingan. Talabalarni darsga chaqirishda ularning sharoiti va imkoniyatlari hisobga olinmoqda. Hozir faqat birinchi va to‘rtinchi kurs talabalari chaqirilgani uchun TTJ bilan ham muammo bo‘lmaydi. Yotoqxonaga joylashtirish bo‘yicha shtab tashkil qilingan. Talabalarni bosqichma-bosqich yotoqxonaga joylashtiramiz», – dedi O‘zMU o‘quv uslubiy boshqarma boshlig‘i Vohidjon Topildiyev.

Toshkent davlat texnika universitetida ham o‘quv binolarida dars uchun sharoit tayyorlangan. Universitetda amaliy mashg‘ulotlar va seminarlar auditoriyada o‘tadi, ma’ruzalar esa onlayn tarzda davom etadi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati rahbari Farhod Babashev an’anaviy darslarning boshlanishi haqida ma’lumot berar ekan, talabalarda tanlash imkoniyati borligini alohida ta’kidladi. «Mabodo 1-kurs talabalarining moddiy jihatdan imkoni bo‘lmasa yoki salomatligi tufayli kelib o‘qiy olmasa, ular OTMni ogohlantirib qo‘yishi va zarurat bo‘lganda ariza yozib ahvolidan xabardor qilib qo‘yishi kerak bo‘ladi. Lekin ulardan salomatligi haqida ma’lumotnomalar so‘ralmaydi. 1-bosqich talabalari qachon imkoni bo‘lsa, 1 haftadan keyin yoki 1 dekabrdan o‘qishga chiqishi mumkin», – dedi vazirlik rasmiysi. Uning qayd etishicha, oxirgi 3 yilda oliy ta’lim qamrovi oshishi natijasida talabalarni turar joy bilan ta’minlash muammosi dolzarblashgan.

«Shundan kelib chiqib, talabalar ham ota-onalari bilan maslahatlashgan holda Toshkentda ijaraga turish imkonini qidirishi kerak bo‘ladi. Yotoqxonalardan joy birinchi navbatda ijtimoiy himoyaga muhtojlarga beriladi.

Bu yerda hamma talabani majburiy an’anaviy ta’limga jalb qilish haqida gap ketayotgani yo‘q. Ular o‘z imkonidan kelib chiqishi kerak», – dedi Farhod Babashev.

Auditoriyada o‘qishni ko‘pchilik sog‘ingani talabalar kayfiyatidan sezilib turibdi. Lekin sharoitdan kelib chiqib, ta’limning qaysi turini tanlash ularning o‘ziga bog‘liq. Toshkentda turar joyi yo‘qlar onlayn o‘qishni davom ettirishi ham mumkin, OTMlar hech kimni an’anaviy darsda qatnashishga majburlamaydi.

Zilola G‘aybullayeva, Kun.uz muxbiri.