Andijonda eng faol ayollar e’tirof etildi

740

Andijonda “Yangi O‘zbekiston ayolining yangicha dunyoqarashlari” shiori ostida viloyat ayollar forumi bo‘lib o‘tdi.
“Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishda nodavlat-notijorat tashkilotlar va xotin-qizlar masalalari boshlang‘ich tashkilotlari tajribasi” bo‘yicha Andijon shahridagi “Toshkent Premium” tantanalar saroyida o‘tkazilgan tadbir ochilishida so‘z olgan Andijon viloyati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Shahlo Soliyeva, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Avazbek Marahimov, O‘zbekiston Xalq artisti Erkin Komilov va boshqalar mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda samarali faoliyat olib borishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligi, shuningdek, ayolning ulug‘ligi, uning jamiyat hayotidagi, oila mustahkamligini ta’minlash, farzand tarbiyasidagi o‘rni va roli xususida gapirdi.

– Ayolning, onaning buyukligi, ulug‘ligi oldida har qancha ta’zim etsak arziydi, – deydi O‘zbekiston Xalq artisti Erkin Komilov.

– Bugun go‘zal opa-singillarimiz ijtimoiy hayotimizning turli jabhalarida fidioiylik namunalarini ko‘rsatib mehnat qilmoqda. Ularni, umuman, ayol zotini ulug‘lash xalqimiz qadriyatiga aylangan o‘lmas an’ana, qolaversa, har bir kishining insoniylik burchidir.

Dastlab forum qatnashchilari viloyatdagi nodavlat-notijorat, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilotlar tomonidan amalga oshirilgan namunali ishlar, innovatsion g‘oyalar bo‘yicha xotin-qizlarning ixtirolari hamda boshqa turli sohalar bo‘yicha namunali ishlar ko‘rgazmalari bilan tanishdi, yosh san’atkorlar, iqtidorli sportchi qizlarning chiqishlari barchada katta taassurot qoldirdi.

Shundan so‘ng “Eng yaxshi investitsiya loyihasini olib kirgan ayol”, “Davlat boshqaruv tizimining faol ayoli”, “Eng faol deputat ayol”,“Eng faol mehnat faxriysi”, “Eng yaxshi temir yo‘l tizimi xodimasi”,“Turizm sohasi rivojiga samarali hissa qo‘shayotgan ayol”, “Eng yaxshi quruvchi ayol”, “Eng yaxshi haydovchi ayol”, “Eng yaxshi ma’naviyat targ‘ibotchisi”, “Eng faol yoshlar yetakchisi”, “Eng yaxshi sport murabbiysi”, “Eng yaxshi kutubxonachi” singari yo‘nalishlar bo‘yicha turli sohalarda samarali mehnat qilayotgan oltmishga yaqin opa-singillarimiz viloyat hokimining faxriy yorlig‘i va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

– Bugun mamlakatimizda biz xotin-qizlarga o‘z salohiyatimizni to‘laqonli namoyon etishimiz uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda, – deydi “Quruvchi – 97” xususiy korxonasi rahbari Dilnoza To‘lanova.

– Ana shu imkoniyatlar samarasi o‘laroq men kabi ko‘plab xotin-qizlar qurilish, ishlab chiqarish, qo‘yingki, turli sohalarida samarali ish olib bormoqda, yurtimiz ravnaqiga, xalqimiz turmush farovonligining yuksalishiga munosib hissa qo‘shmoqda.

Mehnatlarim e’tirof etilib, forumda “Eng yaxshi quruvchi ayol” yo‘nalishi bo‘yicha taqdirlanganimdan boshim ko‘kka yetdi. Ushbu e’tirof meni yanada shijoat bilan mehnat qilishga undaydi.

Forum doirasida dizaynerlarning milliy hamda zamonaviy liboslar ko‘rgazmasi tashkil etildi. San’atkorlar tomonidan namoyish etilgan badiiy dastur barchaga xush kayfiyat ulashdi.