Markaziy Osiyoning siyosiy rebuslari

395

Markaziy Osiyoda davlat rahbarlari almashishi juda og‘riqli mavzu. Har safar shu reallikka duch kelganda mintaqa davlatlari qonunda yozilgan protsedura qolib har xil siyosiy rebuslarni o‘ylab topishni boshlashadi.

Dastlab Turkmanistonga qarasak, 2006 yilda turkmanboshi Saparmurat Niyazov vafot etgach, mamlakat konstitutsiyasi bo‘yicha uning o‘rniga parlament raisi vaqtinchalik prezident bo‘lishi kerak edi.

Biroq bu lavozimni egallab turgan Ovezgeldi Atayevga nisbatan darhol jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va qamalgan, prezident v.v.b. lavozimiga Vazirlar mahkamasi rahbari o‘rinbosari Gurbanguli Berdimuhamedov o‘tirgandi.

Turkmaniston keysi shu bilan tugamaydi – konstitutsiya bo‘yicha prezident v.v.b. muddatidan oldingi prezident saylovida o‘z nomzodini qo‘yishi mumkin emas edi. Biroq konstitutsiya zudlik bilan o‘zgartirilib, bo‘lajak Arkadag bemalol saylovda qatnashgan edi.

Qirg‘izistondagi parlament saylovi ortidan kelib chiqqan vaziyat fonida Tojikistonda prezident saylovi bilinar-bilinmay o‘tib ketdi. Bu yer oilaviy rebuslarga to‘lgan: 5-marta saylangan 68 yoshli prezident – Emomali Rahmon, uning apparati boshlig‘i – qizi Ozoda Rahmon, prezident vazifasini bajara olmay qolgan vaqtincha prezident lavozimi o‘tadigan parlament yuqori palatasi rahbari – Rustam Emomali.

Qozog‘istonda davlat rahbari almashinuvi konstitutsiyada ko‘zda tutilganidek o‘tib, Nazarboyev iste’fosini e’lon qilgach Senat raisi To‘qayev vaqtincha prezidentga aylangan bo‘lsa-da, qonunan u Nazarboyevning vakolat muddati oxirigacha prezident v.v.b. bo‘lishi kerak edi.

Biroq To‘qayev yangi lavozimga kirishganidan 1 oy o‘tmasidan – 2019 yil aprelida muddatidan oldingi prezidentlik saylovini e’lon qildi va o‘zi qatnashib, g‘olib bo‘ldi. Qozog‘iston rebusining o‘ziga xos tarafi – birinchi prezident o‘zida juda katta vakolatlar saqlab qolgani. Hatto shu tufayli prezidentlikdan ketganidan keyin ham uzoq vaqt aynan Nazarboyev “haqiqiy prezident” deya ta’riflangan edi.

Davlat rahbari doimiy almashib turgan mintaqadagi yagona davlat bo‘lgan Qirg‘izistonda esa mana uchinchi marta prezident vakolat muddati tugamasdan ketishga majbur bo‘lmoqda, saylangan prezidentlar orasida vakolat muddati tugagach o‘z istagi bilan ketgan yagona prezident Almazbek Atambayev esa qamoqda.

Jeenbekov iste’fo bergach, Qirg‘izistonda ham qo‘shnilariniki kabi rebuslar ishga tushib ketdi – avvalo uning vazifasini vaqtincha bajarishi kerak bo‘lgan parlament spikeri Kanatbek Isayev bu vakolatni olishga “tayyor emasligini” ma’lum qilishga ulgurdi.

Bunday vaziyatda esa prezidentlik vakolati bosh vazirga o‘tishi kerak. Ayni paytda qonuniyligi mamlakat ichkarisida va tashqarisida so‘roqqa olinayotgan bo‘lsa-da de-fakto bosh vazir bo‘lib turgan Sadir Japarov o‘zini allaqachon prezident v.b. deb e’lon qilishga ulgurdi.

Rasman bu bugun bo‘lib o‘tadigan parlament yig‘ilishida tasdiqlangachgina qonuniy hisoblanadi. Shundan keyin parlament muddatidan oldingi prezident saylovini va takroriy parlament saylovini e’lon qilishi kerak.

Biroq 4 oktyabrdagi parlament saylovi natijalari bekor qilingani sababli tugayotgan chaqiriq deputatlarining vakolat muddati tugamasdan ikkala saylovni ham e’lon qilishga, buning uchun saylov qonunchiligini ham o‘zgartirishga ulgurishi uchun 1 haftacha vaqti qoladi.

Voqealar shu ssenariy bo‘yicha davom etsa, takroriy parlament saylovi 2020 yil 20 dekabrga, muddatidan oldingi prezident saylovi 2021 yil 17 yanvarga belgilanadi. Qolayotgan asosiy intriga – prezident v.b. Sadir Japarov prezident saylovida qatnashadimi?

Konstitutsiyaga ko‘ra, 2006 yilda Turkmanistonda bo‘lgani kabi prezident v.b. prezident saylovida qatnasha olmaydi. Qirg‘izlar ham turkmanlar kabi zudlik bilan konstitutsiyani o‘zgartirishga ulguradimi yoki shunchaki unga zid ravishda harakat qiladimi?

Umuman, Markaziy Osiyoda qonunlar vaziyatlarni boshqarishi o‘rniga vaziyatlar kerak bo‘lganda qonunlarni boshqarishi odatiy holga kirib qolgan. Buni yuqoridagi kabi eng muhim masalalarda qonunlarga munosabatdan ham bilish mumkin.