Primitiv guruhlar haqida.

519

Primitiv guruhlar odatda guruh rahbari va uning yaqinlari manfaatlariga ishlaydi. Guruh normal ishlashi uchun, guruh aʼzolari jamiyat qattiq qoralaydigan va nafratlanadigan ishlarni muntazam ravishda amalga oshirishi kerak. Shunda, barcha guruh aʼzolarida jinoiy ayb boʻladi, boshqacha aytsak, hammani “qoʻlida qon” boʻladi. Yaʼni guruh yaxshi ishlashi uchun, jipslashish talab etilsa, guruh aʼzolari jamiyat qattiq qoralaydigan ishni birgalikda yoki eng kamida alohida bo’lsa ham, hammasi qilishlari kerak boʻladi. Masalan, guruh rahbari, boshqa aʼzolarga qotillik yoki zoʻravonlik qilishni talab etishi mumkin. Shunda, aʼzolar buni xohlaydimi yoʻqmi, guruh jipslashadi. Guruhni jipslashtiruvchi omil esa, barcha guruh aʼzolarida aybi borligi va biri chiqsa qolganlari chiqmasligi qoʻrquvi hisobiga taʼminlanadi. Odatda, guruh rahbari jamiyat xush koʻrmaydigan narsa qilishga ochiqchasiga chaqirmaydi, aksincha, guruh aʼzolari bunday ish qanchalik o’zlariga va o’z kelajaklariga qanchalik kerak ekanligini juda yaxshi sezganlari uchun, va guruhdagi darajalarini oshirish uchun, muntazam ravishda shunday narsalarni qilib turishadi.

Bunday guruhlarda “kuch qoidasi” ishlaydi. Agar guruhni biror bir aʼzosi boshqa odamni ustidan oʻz ustunligini jazosiz va oqibatlarsiz koʻrsata olsa, u shunday qilishi shart boʻladi. Yaʼni oʻz ustunligini koʻrsatishga imkoniyati boʻlib, undan foydalanmaslik – juda aqlsiz ish boʻladi. Masalan, birovni kamsitib, haqlaridan mahrum qilishga qurbi va kuchi yetgan guruh aʼzosi, shu ishlarni qilmasa, uni oliyjanob va “yaxshi” deb oʻylashmaydi, zaif deb oʻylashadi xolos. Zaif deb oʻylashligi esa, bunday iyerarxik tizimlarda ayanchli oqibatlarga olib keladi. Shuning uchun, kuchli guruh aʼzolari doim oʻz kuchini koʻrsatishiga majburlar. Oʻz kuchini ishlatish esa, iyerarxiyadagi boshqa odamlarning ustidan kuch ishlata olishi va zulm oʻtkazishi orqali oʻlchanadi. Shunday guruhlarda iyerarxiya tepasiga chiqish uchun, kuch qoidasiga rioya qilinsagina boʻldi. Hech qanday iqtidor, isteʼdod va bilim yordam bermaydi, agar iyerarxiya aʼzosi oʻz kuchini ishlatmasa. Kuch ishlatishning sababi, boshqa aʼzolar u bilan bahslashmasligi va raqobatga tushmasligi deb ham qilinadi. Yaʼni oʻzidan zaifga ancha koʻp zulm oʻtkazib, oqibatlarsiz chiqib keta olsa, demak, u juda “kuchli” guruh aʼzosi, u bilan boshqalar raqobat va bellashuv qilishmaydi. Ruslar aytgandek, “oʻzinikini ur, boshqasi qoʻrqsin” qoidasiga yaqinroq bir gʻoya, faqat bu yerda, “ o’zga zaifni shunchalik urginki, o’zinikilaring seni kuchini koʻra olishsin va raqobatlashishmasin”.

Buni ustiga, kuch ishlatmaslik nafaqat zaiflik belgisi. Oʻz kuchini ishlatmaydigan guruhning kuchli aʼzosi umumiy guruh barqarorligiga va kelajagiga katta tahdid boʻlishi mumkin.

Kuchini muntazam ravishda ishlatmaydigan guruh aʼzosi, guruhdan tashqarida ham imkoniyati, normal hayot kechirishi imkoni borligini anglatishi mumkin. Yaʼni guruhni kuchli aʼzosi kuch ishlatmasligi, guruhning jipslashuv va barqarorligiga tahdid boʻladi. Muhimi, oʻsha guruh aʼzosini sadoqatini savol ostiga oladi. Guruh aʼzosi koʻproq jinoyat qilishi, va zaifroqlar ustidan kuch ishlatishi, guruh uchun sadoqatini anglatadi: axir kuch ishlatgan aʼzoning guruhdan tashqarida imkoniyati boʻlmaydi. Bu degani, oʻsha kuch ishlatadigan guruh aʼzosi, normallik bilan bog’lovchi koʻpriklarni yoqib yuborgan bo’lishi kerak. O’z sadoqatini ko’rsatish uchun.

Bu hammasidan xulosa shuki, primitiv guruhlarda aʼzoning shaxsiy barqarorligi uchun, guruhdagi oʻrni uchun va guruh uchun boʻlgan sadoqatini koʻrsatish uchun, doim kuch ishlatishi kerak. Xohlaydimi yo’qmi, omon qolishi uchun boshqa imkoni yo’q.

Eng qizigʻi shundaki, primitiv guruh aʼzolari, oʻzlarini shunday guruhdaligini anglashmaydi, guruh ichidagi odamda oʻz xatti harakatlaridagi asl haqiqatini rad etib, qilmishlariga ratsional bahonalar qidirishadi. Ular guruh qoidalarini tariflashga, va qanday guruhda ekanliklarini haqiqatdan o’ylab anglashlariga jurʼatlari yetmaydi.