Qorabog‘: milliy g‘oyaga aylangan urush

347

Qorabog‘ mojarosining eng ayanchli tomonlaridan biri – bu shubhasiz arman va ozarbayjon xalqlarining bir-biridan nafratlanuvchi dushmanlarga aylanib qolganidir. Minglab yil bir joyda yonma-yon yashab kelgan ikki xalq nega bunday nizolashib qoldi?

Buning sabablari haqida gapirganda ushbu mojaroning mintaqadan uzoq bo‘lmagan yana ikkita mojaroga o‘xshashligini esga olish zarur. Birinchisi – geosiyosiy jihatdan Qorabog‘ Kashmir mojarosiga o‘xshash: sobiq mustamlakachi tomonidan paydo qilingan va rag‘batlantirilgan, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar doimiy destruktivlashuviga sabab bo‘lgan.

Ikkinchisi – bu Tojikistondagi fuqarolik urushi xususiyatlarini o‘zida jamlagan: Tojikistonda mojaroning ikkala tomoni bir-birini shunchalik demonizatsiya qilgan ediki, ular hatto qarshi tomonni odam sifatida ham ko‘rmay qo‘ygandi. Shu sababli ham muzokaralni boshlashdagi eng qiyin ish ikkala tomonni bir joyga olib kelish bo‘lgani aytiladi.

Hozir Ozarbayjonda va Armanistonda 30 yildan buyon bir-biridan nafratlanib kelgan, bir-birini ko‘rarga ko‘zi yo‘q avlodlar shakllangan. O‘zaro tinchlikda yashashganini eslay oladigan avlod esa qarib va kamayib bormoqda.

Iyul oyida va hozir mobilizatsiya uchun chaqiriq xalqdan chiqqani va shu paytgacha eng kichik balosida ham qo‘shnisini ayblashdan tonmagan ikkala davlat o‘zlari singdirgan mafkura orqali boshlab bergan ushbu tendensiyani nazorat qilolmay qolgani buning mantiqiy davomidir.

Qorabog‘ uchun urush ikkala mamlakatning ham milliy g‘oyasiga aylanib ketgan. SSSR davrida arman natsionalizmi aynan shu g‘oya negizida rivojlangan va Qoraboqqa qo‘shib Ozarbayjonning 7 ta tumanini ham bosib olishga jur’at qilishga olib kelgan edi. Bu g‘alaba va “tarixiy adolat tiklanishi” mafkurasi ham xalq, ham elita ongiga shu darajada singganki, hakttoki ikki yil oldin hammani hayron qoldirgan Pashinyan ham undan voz kechmaydi.

Ozarbayjonda esa xalqaro huquq o‘z tomonida bo‘lishiga qaramay elita doimiy ravishda Qorabog‘ni va 7 ta tumanini kuch bilan qaytarishini aytib kelishi oqibatida xalq istalgan vaqtda urushga otlanishga tayyor holga kelib qolgan.

Paradoks shundaki, Armaniston va Ozarbayjon MDH mamlakatlari orasida o‘zining haqiqiy, ishlaydigan milliy g‘oyasiga ega kamsonli (balki yagona) davlatlariga aylangan. Biroq bu g‘oyalarning asosi urush ekanligiga qaralsa, hozirgi davrda, bu qadar kichik mamlakatlar uchun urush muvaffaqiyatli g‘oya bo‘lolmasligini tushunish mumkin.

Bu borada albatta davlatlarning birida “nimadir bo‘lsa men shu yerdaman, qo‘rqma” deb turgan, ikkinchisining esa eng yirik qurol sotuvchisi bo‘lgan sobiq mustamlakachi, “mediator” Rossiyaning rolini ko‘rmaslik mumkin emas.

Ideal holatda muammo yechilishi uchun o‘z atrofida mojarolar halqasini ma’qul ko‘ruvchi davlat vositachiligidan butunlay voz kechib, bosh g‘oyasi o‘zi va atrofida tinchlik va farovonlik makoni bo‘lgan Yevropa Ittifoqiga yuzlanish (https://t.me/the_bakiroo/1404) eng to‘g‘ri yo‘l bo‘lardi.

Biroq hozir ideal holat emas – Rossiyaning hozirgi hukumati qo‘yib yuborish fikridan yiroq, urush g‘oya sifatida har ikkala xalq ongidan chuqur joy olgan va eng asosiysi ayni paytda urush reallikka aylangan. Avvalgilari kabi hozirgisi ham tez tugashi ehtimoli yuqori bo‘lsa-da, ikkala xalq avvalgiday yonma-yon yashab keta olishi uchun g‘oyaviy yo‘nalishlarini o‘zgartirishlari zarur bo‘ladi.