Qorabog‘ urushida kim g‘olib?

920

Tog‘li Qorabog‘ mojarosida 1990-yillardan keyingi eng katta urush bir oydan oshiq davom etib, har tarafdan 1000dan ortiq askarlar umriga zomin bo‘lib, nihoyat tugash arafasida turibdi.

Urush natijasida Ozarbayjon Qorabog‘ atrofidagi 7 ta tumanini – 25-30 yil oldin yo‘qotgan yerlarini ozod qildi, Qorabog‘ning poytaxti Stepanakertdan keyingi eng muhim shahri bo‘lgan Shushani qaytarib oldi. Baku nazoratiga o‘tmagan faqatgina Qorabog‘ning markaziy qismi qoldi.

Rossiya vositachiligida erishilgani aytilayotgan kelishuvga ko‘ra Ozarbayjon o‘z nazoratini tiklagan hududlarini saqlab qoladi. Qorabog‘ning qolgan qismida Rossiya tinchlikparvar kuchlari joylashtiriladi, shuningdek ular Qorabog‘dan Armanistonga hamda Ozarbayjondan Naxichevan eksklaviga boradigan yo‘laklarni ham nazorat qiladi.

Bir qaraganda bu kelishuv Ozarbayjon uchun katta yutuq va yo‘qotilgan hududlari ustidan nazoratni tiklaganini anglatishi mumkin. Biroq bu yerdagi asosiy jihat – mojaroga rasman uchinchi tomon – Rossiya qo‘shilayotgani. Moskva hattoki ikkinchi tomon sifatida Armanistonni almashtirish ham mumkin, zero Qorabog‘da aynan rus harbiylari qo‘nim topadi.

Qorabog‘ taqdiri ham Moldaviyadagi Dnestrbo‘yi hududiga o‘xshab qoldi – aynan rus harbiylari borligi uchun Moldaviya 30 yildirki butun bo‘lolmaydi. Ham masofa, ham vaqt jihatidan yaqinroq misol – Gruziyadan “tinchlikparvarlar” tomonidan tortib olingan Janubiy Osetiya va Abxaziya.

Ilhom Aliyevning kelishuvda Qorabog‘ statusi haqida hech qanday so‘z yo‘qligi va endi muzokaralarda Baku taklif qilib kelayotgan avtonomiya ham bo‘lmasligi haqidagi gaplariga qaramay, hozir qo‘lga kiritilmagan hududlar de-fakto Rossiya nazoratiga o‘tmoqda va Ozarbayjonga (va balki Armanistonga ham) qaytmasligi ehtimoli yuqori.

Zero, rus “tinchlikparvar kuchlari” kirgan mojarolarning birortasi shu paytgacha yechilmagan, faqatgina Moldaviya, Ukraina hamda Gruziyaning yaxlitligiga putur yetgan. Xullas, Ozarbayjon o‘z hududlarining katta qismini qaytargani uchun g‘alaba hissini tuymoqda, biroq asl g‘olib – o‘ziga ma’qul vaqtda paydo bo‘lib, o‘z shartlarini o‘tkazgan Rossiya bo‘lganga o‘xshayapti.