Qo‘qonda IIB xodimlari odamlarni aldab, planshetga barmoq izi bostirmoqda ekan. Viloyat rahbarlari bundan xabardormi?

354

Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida viloyatdagi eng katta bozorlardan biri joylashgan. Xalq tilida Yangi bozor nomi bilan ataluvchi mazkur bozorga har kuni o‘n minglab odamlar tashrif buyuradi.

Agar ushbu bozorga kelgan bo‘lsangiz, hududda yo‘lning narigi tarafiga o‘tish uchun piyodalar ko‘prigi qurilganining guvohi bo‘lasiz. Piyodalar o‘tish ko‘prigi baland qurilgan bo‘lib u yoshi kattalar, qo‘lida yosh bolasi bor ayollar, nogironligi bo‘lgan fuqarolarning chiqib tushishi uchun bir qancha noqulayliklar tug‘diradi (Buni amalda o‘zim ham sinab ko‘rganman).

Avvallari mas’ullar yo‘lni panjaralar bilan to‘sib, hammani ko‘prikdan chiqib-tushishga majbur qilgan edi. Keyinchalik odamlarning noroziligi sabab yo‘lning bir qismidan panjaralar olib tashlandi.

Endi esa, yo‘lni nazorat qilib turgan IIB xodimlari yo‘ldan o‘tayotgan keksalarga yo‘ldan o‘tishiga ko‘maklashgan kishi bo‘lib, maxsus planshetlarga fuqarolarning barmoq izlarini bostirib olayotgan ekan.

Bu haqda fuqaro Sayyid Islom Facebook’dagi shaxsiy sahifasida batafsil izoh qoldirgan. O‘qib chiqib, xulosa chiqarishingiz mumkin.

Qiziq, IIB xodimlari respublika darajasidagi rahbarlarning xalqqa yaqinlik tamoyilini shunday qabul qildilarmi yoki “plan to‘ldirish” tushunchasi tizimda hamon bormi?

Bu ishlardan Farg‘ona viloyati IIBning xabari bormi?

Yoki ular bilsa ham bilmaslikka olmoqdami?

Mas’ullardan izoh kutib qolamiz.